Men haqimda
Salom, tashrif buyurganingiz uchun rahmat!
Men Abdurashidman. Meni Ricky deb ham chaqirishingiz mumkin.
Men xalqaro huquq va xalqaro savdo sohasidagi diplomi bor dasturchi va AI bilan ishlovchi dasturlar quruvchisiman. "Huquqshunoslikdan dasturlashgacha boʻlgan yoʻlim menga kuchli tahliliy koʻnikmalar va tushunarli, ishonchli raqamli mahsulotlar yaratishga amaliy yondashuv berdi", - deb o'ylayman, lekin bu fakt emas. Shuningdek, men AWS Certified Developer sertifikatiga ega boʻlib, agentli AI, full stek dasturlash va cloudga deploy qilish sohalarida ishlaganman.
Mening yoʻlim
Maktabda va akademik litseyda oʻqib yurgan paytimda texnik narsalar, telefonlar va oʻsha davrdagi barcha raqamli texnologiyalarga juda qiziqardim. Menda Nokia telefoni bor edi. Oʻsha paytda lark.ru yoki wap.su kabi sayt konstruktorlari boʻlib, ular nimadir.lark.ru yoki nimadir.wap.su singari subdomenlarda juda oddiy sayt yaratishga yordam berardi. Ularni uncha ko'p o'zgartirib boʻlmasdi va natijasi men faxrlanadigan darajada emasdi. Shunga qaramay, bu mening sayt yaratishga qilgan ilk urinishlarim boʻlsa kerak. Bu taxminan 2012 yoki 2013-yillar edi. Aslida, undan ham oldin qandaydir saytlar yaratishga juda qiziqardim.
Keyin Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqiyotganimda, birinchi kursda, “Yuristlar uchun IT” degan fanimiz bor edi. 2015-yilda aynan shu darslarda IT va dasturlash, jumladan HTML va CSS tushunchalari bilan ilk bor tanishdim. Bu men uchun juda qiziq edi. Hatto Google Chrome orqali turli saytlarning kodini tekshirib, ularning HTML tuzilishini oʻrganishga va oʻzimning koʻp sahifali HTML saytlarimda ularni qayta yaratishga harakat qilardim. Keyinchalik universitetda yuristlar uchun IT bilan bogʻliq yana boshqa darslar boʻldi. Huquq sohasida ayrim IT tushunchalarini qoʻllashga oʻxshagan yuristlar uchun tizimli tahlil kabi keyingi vazifalar ham qiziqarli edi, lekin bir vaqtning oʻzida biroz zerikarli ham edi, chunki ular biror narsa yaratish haqida emasdi.
Keyin, 2017-yilning bir kunida, Oʻzbekistondagi Kun.uz yangiliklar saytida sunʼiy intellekt haqida maqola koʻrdim. Londonda qandaydir AI modeli Londonning eng yaxshi huquqshunoslariga qaraganda yaxshiroq xulosa va natijalar bergani aytilgandi. O'shanda men: “Vau, balki kelajak shudir. AI bilan shugʻullanish yuristlikdan yaxshiroq kelajakka egadir”, deb oʻylagandim. Bu dasturlashga boʻlgan qiziqishimni yanada kuchaytirgan katta turtkilardan biri edi.
Magistratura uchun Koreyaga kelishdan oldin ham IT yoʻnalishini tanlashim kerakmi yoki huquqqa yaqinroq sohada oʻqishim kerakmi, deb oʻylagandim. Magistraturadagi mutaxassisligim oxir-oqibat xalqaro logistika, yaʼni taʼminot zanjirlarini boshqarish boʻldi.
Magistraturani tugatgach, Koreyada ish topmoqchi boʻldim. Xalqaro savdo, marketing va xalqaro logistikaga oid ishlarga topshirib ko'rdim, lekin uncha ish suhbatlari chiqmagandi. Shundan keyin IT va dasturlashni soha sifatida oʻrgansam, mavjud tajribam bilan Koreyada ham, Oʻzbekistonda ham yoki kelajakda borishim mumkin boʻlgan boshqa istalgan mamlakatda ishlay olaman, deb oʻylashni boshladim. Masalan, xalqaro logistika yoki xalqaro savdoga qaraganda IT sohasida ish topish ancha osonroq boʻladi, deb o'ylardim o'sha vaqtlar. Shu sababli taxminan 6 yoki 7 oy davomida dasturlash asoslarini chuqur oʻrganishga kirishdim. Dasturchilar va men xohlagan ishda ishlaydigan odamlar bilan tanishish, ulardan ayrim narsalarni soʻrash va baʼzan meni ishga olishi mumkin boʻlgan kimnidir uchratish umidida muntazam ravishda meetuplarga bora boshladim. Baʼzan esa shunchaki zerikkanimdan borardim.
Vaqt oʻtib, ishga ariza topshira boshladim. Juda koʻp ariza yuborib, hatto suhbatga ham chaqirilmaganimdan keyin barcha hujjatlarimni, saytimni, portfolio, CV va motivatsion xatimni toʻliq koreys tiliga tarjima qildim. Shundan keyingina suhbatlarga takliflar ola boshladim. Oʻsha kompaniyalardan biri meni dasturchi sifatida ishga oldi. Bu Geosoft edi. U yerda ishlab, juda koʻp narsani oʻrgandim: odamlar, ayniqsa koreyslar bilan ishlashni, jamoa bilan kechasi soat 10–11 gacha ishlashni, koreys tilini yaxshiroq bilishni va koreyscha hazil qilishni. Koreys madaniyatiga ham yaqinlashdim. Chet ellik sifatida tashqaridan qaraganimizda, koreyslar doim ham begonalarni oʻz davrasiga qabul qilishi oson emasdek ko'rinsa ham aslida esa tilni oʻrganishga, oʻz qadriyatlaringizni saqlagan holda ularning madaniyatini maʼlum darajada qabul qilishga harakat qilsangiz, bu unchalik qiyin emasligini tushundim.
Oʻsha kompaniyada bir muddat ishladim. Keyin ikkinchi kompaniyada ishladim va maʼlum vaqtdan soʻng u yerda timlid (team lead) lavozimiga koʻtarildim. Hozir bir nechta kompaniya bilan ishlayapman. Ulardan biri Koreyadagi onlayn dasturlash akademiyasi Habsida boʻlib, u yerda oʻzbek oʻquvchilariga full stek dasturlash boʻyicha mentorlik qilaman. Shu bilan birga, ayrim loyihalarda frilanser dasturchi sifatida ham ishlayman.
Bundan tashqari, hozir men dasturchi sifatida daromadni oshirishning va bir vaqtning oʻzida biror narsa yaratishdan zavq olishning eng yaxshi usullaridan biri oʻzingiz istagan narsani qurish, oʻzingiz duch kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni hal qilish hamda ayni muammolarga duch kelayotgan boshqa odamlarga ham yordam berish, deb oʻylayman. Shu sababli indi-xaker boʻlishni boshladim va bir nechta ilova hamda sayt yaratishga urinib koʻrdim. Hozir ularni marketing qilishga, avval yaratganlarim ustida ishlashni davom ettirishga va bu yoʻlda koʻp narsalarni oʻrganishga harakat qilyapman.
Kasbiy faoliyat
Full stek dasturlash mentori
AI mahsulotlarini ishlab chiqish jamoasi rahbari
Full stek dasturchi
Vaqti-vaqti bilan ishlovchi veb-dasturchi
Taʼlimim, kasbiy faoliyatim va sertifikatlarim haqida batafsil maʼlumotni LinkedIn profilimda koʻrishingiz mumkin.